Diagnostik testlar iddaoga mos emas(mi?)

Shokir Tursun
3 min readDec 7, 2023

4-dekabrdan 15-dekabrgacha butun Oʻzbekiston boʻylab maktab o‘qituvchilarining malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini diagnostikadan o‘tkazish jarayonlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Bu bilan A. Avloniy nomidagi MTI shugʻullanmoqda.

Demak, testning maqsadi o‘qituvchilarning malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash. Ammo testlarga nazar tashlasak, bu maqsadga erishilmayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Masalan, mana bu test:

Aytaylik, men bu testning javobini topdim (K.D. Ushinskiy), xo‘sh, bundan test o‘tkazuvchi tashkilot qanday xulosaga keladi? Bu test bilan mening qaysi ko‘nikmamni tekshirib ko‘rishdi? Pedagogik olimlarning aytgan gaplarini yodlab olish ko‘nikmamnimi? Bunday ko‘nikma o‘qituvchining kompetensiyalari qatoriga kirishini bilmas ekanman. Iltimos, bu test bilan sizning pedagogika bo‘yicha nazariy bilimingizni aniqlamoqchimiz deb chiqmanglar, chunki pedagogika bo‘yicha nazariy bilim deganda qaysidir olimning nima degani nazarda tutilmasligini hammamiz bilamiz. Demak, bu test iddao qilingan maqsad (malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini diagnostikadan o‘tkazish)ga muvofiq emas.

Yuqoridagi test esa, nazarimda, xato tuzilgan. Chunki berilgan variantlarni hammasi u yoki bu tarzda o‘quvchining o‘zlashtirishiga ta’sir qilishi hech kimga sir emas. Menimcha, bu test qaysidir kitobdan olingan, biz endi o‘sha kitobning muallifi aytgandek javobni topishimiz kerakmi? Har bir kitobdagi qoidalarni so‘zma-so‘z yodlab yurishimiz kerakmi? Tajribali, o‘nlab yillar dars bergan o‘qituvchilar aytsin-chi, berilganlardan qaysi biri darsni o‘zlashtirishga ta’sir qilmaydi? Aytishingiz mumkin, “siz BEVOSITA ta’sir qiladiganini topishingiz kerak edi”, — deb, ammo yuqorida aytganimday, men kimningdir kitobidagi gaplarni so‘zma-so‘z yodlab olishim shart emas. Demak, test xato tuzilgan. Xato tuzilgan test esa maqsadga ham eltmaydi.

Quyida xato tuzilgan testga yana bir misol:

Butun mamlakat bo‘ylab diagnostika qilayotgan ekansiz, texnik jihatlarni ham to‘g‘rilab qo‘yishingiz kerak. Masalan, quyidagi testda texnik xatolar sabab testni yechishning imkoni yo‘q:

Shaxsan menga butun test davomida adabiyot faniga oid birgina savol tushdi:

Xo‘sh, bu bilan test o‘tkazayotgan tashkilot adabiyot bo‘yicha qanday kamchiligimni aniqlay oladi? Yoki buning Rauf Parfi ekanini bilishim mening adabiyot metodikasini bilishimni ham anglatadimi?

Ona tili fanidan berilgan testlar ham nuqul grammatikadan iborat. Birorta test ko‘rmadimki, til o‘qitish metodikasiga oid bo‘lsin.

O‘zi o‘qituvchilarning malaka oshirish ehtiyojlarini aniqlamoqchi bo‘lishsa, anonim so‘rovnomalar o‘tkazishlari lozim edi. Og‘zaki intervyular o‘tkazilishi kerak edi. O‘sha suhbatlarda ham yuqoridagilarga o‘xshash savollar emas, o‘qituvchi sifatida bilishi kerak bo‘lgan bilimlar yuzasidan savol berilishi kerak. Masalan,

  1. Blum taksonomiyasini darsga singdirish nimasi bilan muhim?
  2. O‘quvchining eslab qolgani / tushunganini aniqlash uchun qanday savollar berasiz?
  3. O‘quvchi mavzu yuzasidan olgan bilimlarini qo‘llashi uchun siz nimalar qilasiz?
  4. Doim vazifa bajarmay keladigan o‘quvchilar bilan qanday ishlaysiz?
  5. Ta’lim standartidagi biror ko‘nikmani rivojlantirishga qaratilgan topshiriq(lar) yaratib bera olasizmi?

Ana shundagina o‘qituvchilarning real ehtiyojlarini ko‘rish mumkin bo‘ladi.

A. Avloniy nomidagi MTI testlar asosida kelib tushayotgan e’tirozlar o‘rganilgani haqidagi xabarlaridan birida shunday deydi: “Ko‘rib chiqish jarayonida platformaga joylashtirilgan testlar mazmun jihatdan testologiya talablari asosida shakllantirilgani aniqlandi”. O‘ylaymanki, maqolani o‘qirkansiz, ushbu iddaoning qanchalik to‘g‘ri ekanligi haqida o‘z xulosangizni chiqardingiz.

Shokir Tursun

--

--