Ona tili va oʻqish savodxonligida turli fanlarga oid maʼlumotlar kiritilgan
Bilamizki, til bu oʻquvchini boshqa fanlar bilan tanishishida asosiy omil hisoblanadi. Inson tugʻilganidan boshlab oʻz ona tilisini oʻzlashtira boshlaydi. Yaʼni u atrofdagi tovushlarni, unga aytilayotgan gaplarni, soʻzlarni maʼlumot oʻlaroq qabul qilib oladi. Ana shu qabul qilganlari asnosida oʻz miyasida vaziyatlar uchun soʻzlar ketma-ketligini quradi. Bu fan tilida gap konsturksiyalari deyiladi. Ana shu qurilmalar miyada yaxshi va toʻliq shakllanishi uchun bolaga beriladigan (u eshitadigan, oʻqiydigan) maʼlumot sifatli va turli-tuman boʻlishi lozim. Yaʼni salomlashishning bir necha turi, bogʻlashlarning bir necha koʻrinishi. Inson ana shu kirish maʼlumotlari asosida tilni oʻzlashtiradi va uni qoʻllaydi.
Biz shu paytgacha Ona tili fanida oʻquvchilarga matn emas, alohida yulib olingan gaplar berdik vaholanki, gap matn ichida kelmas ekan uni tushunish va u asosida qurilma qurish (miyada) imkonsiz. Ona tili va oʻqish savodxonligi esa ana shu nazariyaga amal qilgan holda faqat matnlar asosiga qurildi. Alohida olingan gaplarni deyarli uchratmaysiz.
Matnning ham bir necha turlari mavjud boʻladi. Siz koʻrayotgan hamma narsani matn deb atash mumkin. Masalan, sharbat qadogʻidagi yozuvlar, kalendar, poyezd chiptasi, restoran menyusi mana shularning hammasi ham matn deyiladi, chunki ular oʻzida maʼlumot tashiydi. Biz shu paytgacha oʻquvchilarga, ayniqsa, boshlangʻich sinf oʻquvchilarga faqat badiiy matnlar berdik. Ularni informativ — oʻzida aniq bir maʼlumot tashuvchi — matnlar bilan deyarli tanishtirmadik, natijada oʻquvchi oʻsha tipdagi matnlar bilan ishlash, ularni tushunish, mazmuniy bloklarga ajratish, tahlil qilish kabi koʻnikmalarni shakllantira olmadi. Bu esa uning umumiy bilim olishiga ham taʼsir qila boshladi. Yaʼni oʻquvchi fizikaga oid ilmiy-ommabop matnni oʻqiganda uni tushunmay boshladi.
Bilasizmi, inson hayoti davomida eng koʻp uchratadigan matn turi bu — informativ matndir. Badiiy matn esa eng kam uchratadigan tur hisoblanadi. Xoʻsh, nega shu paytgacha Ona tili tilni koʻnikmalarini shakllantirishi kerak boʻlgan fan sifatida informativ matnlarga eʼtibor qaratmagan. Axir oʻquvchining bilim ola bilishi ana shu matnlarga bogʻliq-ku?! Nega oʻquvchilar bilan tushunish koʻnikmalarini shakllantirish maqsad qilinmagan, axir bu hayotdagi eng muhim koʻnikma-ku?!
Ona tili va oʻqish savodxonligi darsliklari ana shu muammolarni yechmoqchi boʻldi. Darslikdagi “Qishning roʻmoli”, “Qora oltin”, “Geolog soʻzi”, “Mikrob”, “Mikroblar” komiksi, “Nonushtaga “5” baho”, “Tanamizni oʻrganamiz”, “Sayohatchi qushlar”, “Qishda uxlaydigan hayvonlar” kabi mavzu va matnlar bolani aynan informativ matnlar, ularning strukturasi, qoʻllash mumkin boʻlgan qurilmalar (gap konstruksiyalari) bilan tanishtirish, oʻsha matnlar orqali bolaning til koʻnikmalarini (oʻqib tushunish, eshitib tushunish, yozma nutq, ogʻzaki nutq) rivojlantirish maqsadida kiritilgan. Oʻquvchiga faqat badiiy, pand nasihat ruhidagi matn berib unda koʻnikmalarni shakllantirib boʻlmaydi. Ona tili bolani hayotga tayyorlashi kerak. Til bu aloqa vositasi-ku axir.
Bundan tashqari darslikdagi mavzular faqat shunaqa informativ ruhdagi matnlardan iborat emas, har bir mavzuning ichida badiiy matn yoki kamida sheʼr berilgan. Yaʼni bu darslikda matnlarning taqsimoti toʻgʻri qoʻyib chiqilgan. Endi bola turli tipdagi matnlar bilan tanishadi, ham oʻsha matnlardagi maʼlumotlarni oʻzlashtiradi ham til koʻnikmalarini rivojlantiradi. Bizning farzandlarimiz hammasi filolog boʻlishga mahkum emas. Ularning biri olim, biri fizik, biri muhandis, biri uchuvchi, biri dehqon, biri oʻqituvchi boʻladi. Ana shu kasblarning hammasini til koʻnikmalari orqali oʻrganadi.
Oʻqituvchidan darslikning yuqorida sanalgan mavzulardagi ma’lumotlarni oʻquvchiga yodlatish talab qilinmagan. Oʻsha matn orqali oʻzlashtirishi kerak boʻlgan til koʻnikmalariga yetaklovchi savol va topshiriqlar darslikning oʻzida berilgan. Oʻqituvchidan yagona talab, oʻsha savollarni imkon qadar koʻpchilikka berish, xato qilgan oʻrinlarini toʻgʻrilab oʻquvchilarga xatolarini tushuntirish. Ishoning shu usul, shu matnlar bilan bolaning til koʻnikmalari yaxshi rivolanayotganini guvohi boʻla olasiz. Buning ortida katta ilm yotibdi. Mualliflar bu uslubni osmondan olmadi, butun dunyoda qoʻllanayotgan, natijasini berayotgan uslub bu.
Xoʻsh endi insof bilan ayting-chi, mualliflar xato qildimi? Ularning oʻquvchilarimizga grammatik qoidalarni emas, tilni oʻrgataylik degan yondashuvi xato edimi?