Yana darsliklar haqida

Shokir Tursun
6 min readMar 27, 2024

--

Ehtimol, darsliklarga oid bahslar joningizga tekkandir, balki, oxir-oqibat, yangi darslik tarafdorlari-yu eskisini yoqlovchilar ham oʻz fikrida qolavergandir va men hozir yozmoqchi boʻlganlarim bilan hech kimning fikrini oʻzgarta olmasman ham… ammo…

Biz, millat sifatida, yangiliklardan qoʻrqamiz, jadidlar maktab ochganida ularni yoptirganmiz, mahallada birinchi boʻlib soch kestirgan qizni yomonotliq qilganmiz, mavjud anʼanalarni oʻzgartirmoqchi boʻlganlarni shakkoklikda ayblaganmiz. Biroq ilmda yangilik kerak, axir.

“Facebook”da bir video koʻrib qolgandim, avtomashinalar ixtiro qilinganidan beri bir necha marta shaklini oʻzgartirdi, takomillashdi, ammo taʼlimda yangilik boʻlmadi: oʻsha sinfxona, parta, doska, oʻqituvchi — oʻquvchi, tamom, — degan.

Ona tili darsliklari oʻqish darsligiga qoʻshib yuborildi — vahima koʻtardik.

Mavzular xilma-xilligidan gʻazablandik.

6-, 7-, 10-sinf ona tili darsliklarining yangilanganini qabul qila olmadik.

– Evoh, qani grammatika? Endi bolalar aniq savodsiz boʻlib qoladi!!!

– Nega biologiya, fizika, huquqshunoslikka oid matnlar berildi, biz ona tili oʻqituvchisimiz, axir, biologiya yoki fizika yoki huquqshunoslik emas!!

Nega grammatik qoidalar bir chekkadan, izchillikda berilmagan, biri togʻdan, biri bogʻdan boʻlib yotibdi?! va h.k. sh.k.

Darslik mualliflari qayta-qayta tushuntirishga harakat qilishdi, ammo yoʻoʻq, biz eshitishni ham istamadik. Ularning bilimi, tajribasiga shubha bilan qaradik hatto.

Men ularni taniyman, baʼzilarini yaqindan ham, ammo hozir tanish-bilishchilik qilib, ularning yonini olmoqchi emasman, shunchaki, 20 yillik oʻqituvchi, repetitor sifatida, hayoti davomida rus, turk, ingliz, arab tillarini oʻrganmoqchi boʻlgan odam sifatida; oʻzbekcha, ruscha, inglizcha maktabda oʻqib kelgan bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatgan muallim sifatida yozyapman fikrlarimni.

Xullas, qadrli hamkasblar (orangizda ona tili ustozlar koʻp, bilaman), menga yangi darsliklar juda yoqadi. Bunga qator sabablar keltiraman.

1. Eski darslik bilan ishlagan paytim, mening fanim eng zerikarli darslardan biri edi, hech qaysi oʻquvchiga yoqmaydi (1–2ta istisnolarni hisobga olmasak, mayli) gapni sintaktik tahlil qilish, soʻzlarni morfemalarga ajratish, oʻnlab atamalarni yodlash.. Litseyda ishlagan paytim OTMga kirmoqchi boʻlgan bolalar DTM testiga tushadi shular deb hisoblagani uchungina chidardi mavzularga, ammo xalqaro OTMga kirmoqchi boʻlganlarda buni oʻrganishga motivatsiya ham yoʻq edi, milliylik, vatanparvarlik qayerda qoldi degan balandparvoz gaplarni qoʻya turaylik, iltimos. Agar oʻqituvchi sifatida ening sinfimda 30ta bola bajonidil yodlardi soʻz turkumlarini, ularning turlarini, turlarining turlarini desa ishonmayman. Dars qiziqroq boʻlishi uchun oʻzim bir nimalar oʻylab topardim, lekin doim ham buning uddasidan chiqa olardim deyolmayman.

2. Ming berilib oʻqitmay, sodda usullar bilan tushuntirmay, bolalar baribir eslab qolmasdi qoidalarni. Masalan, Prezident maktabining 6-sinfiga morfologiyani, qoʻshimchalar jadvali bilan berib, yodlatdim, imtihondan zoʻr oʻtishdi, ammo yozgi taʼtildan qaytganlaridan keyin deyarli hech nimani eslay olishmadi. Ular iqtidorli, qobiliyatli bolalar edi va bu yerda ayb ularda ham, manda ham emas, miya shunchaki oʻziga kerak deb hisoblamagan narsani chiqarib yuborgan edi, xolos.

3. Biz oldin fonetika, keyin leksikologiya, keyin morfemika tarzida tilshunoslik boʻlimlarini ketma-ketlikda oʻrgatganimiz bilan ,miya uni ketma -ketlikda qabul qilmaydi. Matndan uzib olingan qoidalar ish bermaydi. Yangi darslikda aynan shu narsa: oldin matn berilib, uning mazmuni muhokama qilinib, keyin undagi fonetik hodisa yoki grammatik bogʻlanish haqida gap ketganida oʻquvchilar yaxshiroq eslab qolishdi.

4. Eski darslikda, ayniqsa, 6–7-sinfnikida mashq shartida “falon mavzuda matn tuzing” deyilardi-yu, ammo matn qanday tuzilishi haqida maʼlumot berilmasdi. Shuning uchun na oʻqituvchi va uning oʻquvchisi eplab matn tuzolardi. Litseyga toʻqqizinchini bitirgan bolalar kelardi, men 17 yil litseyda ishladim, lekin har bir sinfdan 1–2 ta bola eplab ogʻzaki shaklda fikrini ifoda eta olardi, 1–2 tasigina yoza olardi matn shaklida. Qolganlar esa almoyi-jalmoyi matn tuzardi. Xoʻsh, bizning grammatikaga asoslangan darsliklarimiz mevalari nega savodxon ham emasdi hech boʻlmasa? Ha, gapning ega-kesimini topa olardi, ha, kim? nima? bu — ot deyolardi baʼzilari… lekin aksariyati…

5. Eski darsliklar badiiy tilni oʻrgatardi, adabiy tilni emas. Barcha mashqlardagi parchalar, albatta, biror shoir yoki yozuvchi asardan parcha boʻlishi shart edi. Bu esa, oxir-oqibat, badiiy asar matinini tushunish va yaratish koʻnikmasini rivojlantirdi, ammo na rasmiy hujjat, na ilmiy maqola kabilarni oʻqisak tushunamiz yoki oʻzimiz matn yarata olamiz. esimni tabibmanki, dadamga “Domla, shikoyat xati yozib bering” deb kelishardi. OTMda oʻqigan borki, diplom ishi yoki ilmiy maqola yozib koʻrgan boʻlsa, gapni nimadan va qanday boshlashni bilmay qiynalgan. yo yoʻqmi?

6. Eski darsliklardagi mashqlar yaxlit matn emasdi, biri u asardan, biri bu asardan. Yangi darsliklarda esa har bir boʻlim bitta mavzuga bagʻishlangan va shu bahonada biz ham matn oʻqiymiz, ham shu matndagi soʻz va iboralar maʼnosini hamda qay tarzda ishlatilishini oʻrganamiz, ham shu matnga bogʻliq holda grammatikani oʻrganamiz.

7. Eski darsliklar aprobatsiyadan oʻtganiga shubham bor. Bizda darslik mualliflari tanqid koʻtarolmaydi, bir anjumanda olim odam “Darslik bu TABU, unga tegilmaydi” degandi. Qanaqa qiliiib? Darsliklar qayta — qayta tahrirlanadi, takomillashtiriladi, xatolar ustida ishlanadi, yana qayta nashr qilinadi. Mukammal darslik boʻlmaydi, axir.

8. Litsey darsligi mualliflaridan biriga anjumanda savol berdim:

Domla, siz koʻplab mashqlar shartiga “Matnni diqqat bilan oʻqing” deb yozgansiz, bu qanaqa topshiriq oʻzi?” — deb. Toʻgʻrisiyam-da, bolalar kulgiga olardi koʻzini katta-katta ochib: “Mana ustoz, diqqat bilan oʻqidim, endi keyingisiga oʻtsak boʻladimi?” deb.

Keling, aniq misol bilan tushuntirishga harakat qilay: suratda koʻrib turganingiz amaldagi 8-sinf darsligi. Insho mavzusi. Namunaga berilgan rejani qarang. Darslik muallifi nahotki 8-sinf oʻquvchisi Navoiy gʻazallarini shu turlarga ajrata oladi, insho yozish asnosida misol tariqasida yodlagan baytlaridan keltirib sharhlay oladi deb ishonadi? Qaysi asos bilan? Necha 8-sinf bolasiga yozdirib koʻrgan? Filologiya fakulteti talabalariga ham ogʻirlik qiladi-yu bu mavzu? Domla bittta namunaviy insho matinini ham berganlarida edi hech boʻlmasa, bolalar taqlidan yoz oalrmidi..

Yoki 36-mashqqa qarang. Insho rejasini tuzdik biz bolalar bilan, mantiqan oʻylab koʻrib qaysi biri kirish-u, qaysisi asosiy qismga tortadi, buni amallashdi. Biroq bunaqa mavzuda qanday insho yozish mumkinligini bir tasavvur qilib koʻraylik? Uvaysiydan nechta chiston bilamiz oʻzi? Men, masalan, 4 ta bilaman. Mavzuiy koʻlami? Qaychi, anor..deylik. nima koʻlami borki, 8-sinf bolasi ilgʻay olsin uni? “bola tafakkuriga taʼsiri”? Nima yozsin bola? “Qaychi haqidagi chiston bola tafakkuriga katta taʼsir koʻrsatadi” debmi?

Uzr-u, bunaqa mavzudagi insholar bilan aravani quruq olib qochish koʻnikmasinigina rivojlantirish mumkin…

Menga qolsa, badiiy uslubdagina yoziladigan insholarni maktab darsligidan butunlay chiqarib tashlagan boʻlardim.

Matn yozsin: tasviriy, informativ. Esse yozsin shaxsiy mulohazasini bayon qilib, lekin…

Lekin mana bunaqa mavzuda insho yozish bolada na ijodiy, na tanqidiy fikrlashni oʻstiradi.

Qanday qilib madhiya mavzusini Vatan oʻtmishi, buguni va kelajagiga bogʻlab qoʻyishdi, aqlim yetmadi..

Xullas, keling, biroz chetga chiqsam, aynan shu darslikka yopishib oldi deb oʻylamang.

Gap shundaki, men ingiz tilini bir necha marta oʻrganishni boshlab, tashlaganman, yana boshlab, yana tashlaganman.

Dastlab Bonkning darsligidan oʻrganmoqchi boʻldim, keyin Murphydan ham, ishoning, grammatik mashqlarda xato qilmasdim, lekin yana oʻsha gap: birovga borib gapirolmasdim ham. Keyin bitta Husan ismli oʻquvchim “Headway” opkeldi. Unda aytarli grammatik topshiriq yoʻq ham edi, ammo matnlar bor edi, dialoglar, tinglash uchun audiolar… Men oʻqiganlarim va eshitganlarimni tushuna boshladim…

Men arab tilini ana shunaqa — grammatikaga asosan oʻrganganman, naq 6 yil. Ammo na gaplasha olaman, na matn tuza olaman, na eshitsam ilgʻayman gap nimadaligini. Lekin feʼl boblarini bilaman, tuslanishni ham (katabtu-katabta-katabti-kataba-katabat), toʻgʻri koʻplik (-una), siniq koʻplik (bir necha qolipi bor) va h.k… Lekin shu tilda fikr ifodalay olmasam, qoidalarni yodlaganimdan nima naf?

Bilaman, nima deysiz, 1-til bilan 2-til oʻrgatishda farq bor, deysiz, ha, bu gapda ham jon bor, lekin til oʻzlashtirilishida miya oldin yaxlit matnni, undagi jumlalarni qabul qilarkan, keyin undagi soʻzlarni va grammatik qurilishni.

Aytaylik, “I like swimming” degan jumla boʻlsa, siz shu gapni yaxlit holda eslab qolasiz, keyin vaziyatga qarab, “I like reading, I like running” shaklida soʻzlarini almashtirib qoʻllaysiz… Va bu yerda oldin ega, keyin kesim, keyin -ing olgan feʼl keladi qabilida oʻylaganingiz uchun qilmaysiz buni…

10-sinf darsligi uchun alohida rahmat aytaman mualliflarga, bir-biridan qiziqarli mavzularda bahslar uyushtirdik, Nobel olgan olim haqida taqdimotlar qilib berishdi, shu bahona nega bizdan hech shu paytgacha Nobel olmagani haqida ham oʻylab koʻrdik..

Xullas, bilasizmi nima, ona tili darslarida grammatika kerak, judayam kerak, lekin ogʻzaki nutqni oʻstirish ham muhim. Ikki ogʻiz gapni ruscha, inglizcha aralashtirmay, sof adabiy tilda matn yaratib eplab gapirolmaydigan xalqqa aylanib qolmaslik uchun ham kerak.

Dori yoʻriqnomasi, biror buyumdan foydalanish uchun koʻrsatma matni, reklama matnlari, hujjat matni yarata olishni ham aynan ona tili darslarida oʻrgatishimiz kerak.

Faqat badiiy matnlardan olingan parchalarni oʻqiyvermay, ilmiy-ommabop matnlar bilan ishlashni ham ona tili darslarida oʻrgatish kerak.

Ana shunda xalqaro baholash roʻyxatida oxirgi oʻrinda turmaymiz, oʻzimiz ona tili ustozi boʻla turib, ilmiy matnlarga “tishimiz oʻtmay” xunob boʻlmaymiz..

Alloh xulqimizni isloh qilsin..

Darvoqe, xulosa shuki,

– darslik mualliflariga hamma sinflarni yozib tugatishga imkon berish kerak edi. Shunda barcha grammatik qoida aks etardi.

– eski darslik ham muqobil darslik sifatida qolishi kerak edi. Oʻqituvchida tanlov boʻlishi kerak edi.

Va yana ikki xil darslikda oʻqigan bolalar PISA imtihoni topshirib koʻrardi va natijalar tahlil qilinadi qaysi darslikda oʻqiganlar yaxshi gapira, yoza olishi taqqoslanardi.

– darslikdan foydalanishni respublika boʻylab treninglar tashkil qilib viloyatlardagi oʻqituvchilarga tushuntirish kerak edi.

Ammo…

Yo ammo bilan boshlanadi fikr, yo lekin bilan tugaydi…

Zulfiya Rashidova, oliy toifali pedagog, Toshkent shahridagi Prezident maktabi ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi

Manba: https://t.me/suvaydo/4472

--

--

Shokir Tursun
Shokir Tursun

No responses yet